«O‘QUV-MASHG‘ULOT MARKAZI» MChJ BAZASIDA
O‘QUV-MASHG‘ULOT XIZMATLARINI KO‘RSATISHNING
ASOSIY QOIDALARI VA SHARTLARI
Mazkur hujjat «O‘quv-mashg‘ulot markazi» mas’uliyati cheklangan jamiyati nomidan e’lon qilinadi (xizmatlar ko‘rsatish huquqini beruvchi 2026-yil 15-maydagi №1-У-sonli Sertifikat), mazkur aviatsiya korxonasi mijozlariga mo‘ljallangan bo‘lib, fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi o‘quv-mashg‘ulot xizmatlariga taalluqli asosiy qoidalar va shartlarni o‘z ichiga oladi.
«O‘quv-mashg‘ulot markazi» MChJ o‘quv-mashg‘ulot xizmatlarini ko‘rsatuvchi ijrochi sifatida faoliyat yuritadi va bundan keyin «IJROCHI» deb yuritiladi.
«O‘quv-mashg‘ulot markazi» MChJ bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan jismoniy shaxs pullik o‘quv-mashg‘ulot xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida Shartnoma (bundan keyin — «SHARTNOMA») tuzadi, o‘quv-mashg‘ulot xizmatlarining buyurtmachisi sifatida ishtirok etadi va bundan keyin «BUYURTMACHI» deb yuritiladi.
SHARTNOMA BUYURTMACHIning xohishiga ko‘ra o‘zbek (davlat) yoki rus tilida tuzilishi va imzolanishi mumkin.
BUYURTMACHIning SHARTNOMAdagi imzosi BUYURTMACHI mazkur hujjatda bayon etilgan qoidalar va shartlar bilan tanishganini, ularni tushunganini, rozi bo‘lganini hamda mazkur qoidalar va shartlarni to‘liq qabul qilganini tasdiqlaydi.
IJROCHI va BUYURTMACHI mazkur hujjatda birgalikda «TARAFLAR» deb yuritiladi.
Xizmatlar ro‘yxati va ularning qiymati TARAFLAR tomonidan imzolanadigan hamda SHARTNOMAnTng ilovasi hisoblanadigan «Xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma narxi to‘g‘risidagi kelishuv bayonnomasi» shaklida rasmiylashtiriladi. TARAFLAR xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma narxi to‘g‘risidagi bir nechta kelishuv bayonnomalarini kelishishlari va imzolashlari mumkin.
SHARTNOMA imzolanishidan va u bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishi boshlanishidan oldin «O‘quv-mashg‘ulot markazi» MChJ BUYURTMACHIGA mazkur hujjat bilan tanishib chiqish uchun o‘zining rasmiy Internet-sayti — aviatraining.uz havolasini taqdim etadi.
1. MAQSAD
IJROCHI sertifikatlangan aviatsiya o‘quv-mashg‘ulot tashkiloti sifatida faoliyat yuritib, BUYURTMACHI manfaatlari uchun pullik o‘quv-mashg‘ulot xizmatlarini ko‘rsatadi. Mazkur xizmatlar quyida ko‘rsatilgan bir yoki bir nechta o‘quv-mashg‘ulot va/yoki imtihon-nazorat tadbirlarini o‘z ichiga oladi:
- Nazariy tayyorgarlik;
- Amaliy tayyorgarlik;
- O‘quv-mashg‘ulot uskunalarida amaliy tayyorgarlik;
- O‘quv-mashg‘ulot uskunalarida amaliy tekshiruv (imtihon);
- Qayta tayyorgarlik;
- Qayta o‘qitish;
- Malaka oshirish;
- Test sinovlari;
- ICAO shkalasi bo‘yicha ingliz tilini bilish darajasini baholash;
- Og‘zaki yoki yozma imtihon.
O‘quv-mashg‘ulot xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Aviatsiya qoidalari talablari, shuningdek «O‘quv-mashg‘ulot markazi» MChJ (bundan keyin — «O‘MM») bazasida o‘quv jarayonini tashkil etish va xodimlarni tayyorlash bo‘yicha Qo‘llanma talablariga muvofiq ko‘rsatiladi.
Mazkur Qo‘llanmaning amaldagi elektron versiyasi aviatraining.uz saytida mavjud.
2. QISQARTMALAR, ATAMALAR VA TA’RIFLAR
Mazkur hujjatda, shuningdek SHARTNOMAda qo‘llaniladigan atamalar va qisqartmalar quyida keltirilgan izoh va ta’riflarni hisobga olgan holda tushunilishi va talqin qilinishi lozim.
APT — Airbus Pilot Trainer — Airbus 320 samolyoti uchuvchilar kabinasining virtual aviatsiya trenajyori.
ATO — Approved Training Organization — fuqaro aviatsiyasi aviatsiya xodimlarini, shu jumladan havo kemasi ekipaji a’zolarini Aviatsiya ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida kasbiy tayyorlashni amalga oshiruvchi tasdiqlangan (sertifikatlangan) o‘quv tashkiloti.
BDS — Briefing/Debriefing Station — to‘liq funksional parvoz trenajyori kabinasida sodir bo‘layotgan barcha jarayonlarni video, audio va/yoki parametrik qayd etishni nazarda tutuvchi obyektiv nazorat tizimi.
CCS — Configuration Control Systems — parvoz trenajyorining dasturiy ta’minoti va apparat bazasining talab etiladigan ishga yaroqlilik darajasini ta’minlashga qaratilgan protseduralar majmuasi.
CEET — Cabin Emergency Evacuation Trainer — havo kemasi salonining maketi bo‘lib, ekipaj a’zolarining havo kemasini favqulodda tark etishni talab qiladigan vaziyatlardagi harakatlarini amaliy ravishda mashq qilish uchun mo‘ljallangan.
CFST — Cabin Fire/Smoke Trainer — havo kemasi salonining imitatori bo‘lib, unda turli vaziyatlarni avtomatik ravishda yaratish va havo kemasi ichida tutun yoki yong‘in yuzaga kelganda xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini mashq qilish imkoniyati mavjud.
CFI — Chief Flying Instructor — bosh parvoz instruktori — LMO boshlig‘i.
CGI — Chief Ground Instructor — nazariy (yerusti) tayyorgarlik bo‘yicha bosh instruktor — havo kemalaridan foydalanish va parvozlar xavfsizligi sohasidagi katta o‘qituvchi.
CMO — Chief Maintenance Officer — o‘quv-mashg‘ulot uskunalaridan texnik foydalanish va ularni ta’mirlash bo‘yicha rahbar.
Common Type Rating Airplanes — uchuvchilarni umumiy sertifikatlash yoki parvozlarni amalga oshirishga yagona ruxsat berish qo‘llaniladigan havo kemalari turlari.
Bu shuni anglatadiki, agar uchuvchi allaqachon bir turdagi havo kemasini boshqarish huquqiga ega bo‘lsa, boshqa turdagi havo kemasiga sertifikat olish uchun to‘liq TRTC kursini o‘tash o‘rniga, konstruksiyasi va ekspluatatsiyasi birinchi turdagi havo kemasidan farq qiladigan qismlar bo‘yicha Difference kursini o‘tashi kifoya.
Bunday havo kemalari turlariga Boeing 787-8/9/10, Boeing 757/767, Airbus 318/319/320/321, Airbus 300/310, Boeing 737-100/200/300/400/500/600/700/800/900 va boshqalar kiradi.
Mazkur Qo‘llanmada yuqorida ko‘rsatilgan havo kemalari «bir turdagi havo kemalari» deb yuritiladi.
DDG — Dispatch Deviations Guide — havo kemasi ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat bo‘lib, unda ayrim komponentlar, tizimlar va agregatlarning nosozliklari mavjud bo‘lgan havo kemasida parvozlarni tayyorlash va amalga oshirish imkoniyatlari hamda tartiblari bayon etiladi.
Fidelity — aviatsiya trenajyorining haqiqiy havo kemasiga nisbatan adekvatlik (o‘xshashlik) darajasi.
U uchta asosiy elementga bo‘linadi:
Physical fidelity — jismoniy o‘xshashlik bo‘lib, tasvir, harakat va tovushni idrok etishdagi realizmni tavsiflaydi.
Cognitive fidelity — kognitiv o‘xshashlik bo‘lib, uchuvchining asboblar, boshqaruv organlari, kabinada va kabinadan tashqarida ko‘rish, eshitish va sezish orqali mavjud bo‘lgan hamda sodir bo‘layotgan jarayonlarni idrok etish realizmini tavsiflaydi.
Shuningdek, kognitiv o‘xshashlik uchuvchining radioaloqa olib borish, ovozli buyruqlar berish, axborotni o‘qish va eslab qolish, qarorlar qabul qilish, stress va xavotirni boshdan kechirish qobiliyatini ham tavsiflaydi.
Functional fidelity — funksional o‘xshashlik bo‘lib, uchuvchining harakatlariga javoban simulyatsiya qilinayotgan havo kemasining reaksiyasi yerda va parvoz vaqtida uchuvchining xuddi shunday harakatlariga real havo kemasining reaksiyasiga qanchalik mos kelishini tavsiflaydi.
Xodimlarni tayyorlash ehtiyojlari va uskunalarga qo‘yiladigan talablar asosida aviatsiya trenajyorining adekvatlik darajalari belgilanadi:
N (none) — talab etilmaydi;
G (Generic) — bazaviy;
R (Representative) — tipik;
S (Specific) — eng yuqori daraja.
Aviatsiya trenajyorlarining adekvatlik darajalari ICAO DOC 9625 (Volume I) hujjatida keltirilgan FSTD malakaviy tavsiflarining yetti tipik modelini belgilaydi.
Mazkur tipik modellar aviatsiya trenajyorlarining ayrim milliy aviatsiya ma’muriyatlari, jumladan Federal Aviation Administration (FAA) va European Aviation Safety Agency (EASA) tomonidan qo‘llaniladigan FSTD Levels A, B, C, D sertifikatlash xususiyatlarining malaka darajalariga moslashtirilishi mumkin.
Masalan, ICAO FSTD Type VII darajasi FSTD Level D darajasiga mos keladi.
FMS — Flight Management System — parvozni boshqarish tizimi.
FNPT I — Flight and Navigation Procedures Trainer — I darajali parvoz va navigatsiya protseduralari trenajyori.
FNPT II — Flight and Navigation Procedures Trainer — II darajali parvoz va navigatsiya protseduralari trenajyori.
FSTD — Flight Simulation Training Devices — ekipaj a’zolarini parvozga tayyorlash uchun mo‘ljallangan aviatsiya trenajyorlarining umumiy nomi.
FTD — Flight Training Device — parvoz tayyorgarligi trenajyori.
FTO — Flying Training Organization — aviatsiya xodimi guvohnomasini olish va aviatsiya xodimi guvohnomasiga malaka belgilarini kiritish uchun nomzodlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi fuqarolik aviatsiyasi o‘quv tashkiloti.
FFS — Full Flight Simulator — muayyan turdagi samolyot uchuvchilari kabinasini imitatsiya qiluvchi, vizualizatsiya, harakat va havo kemasining uchuvchilar harakatlariga reaksiyasi bo‘yicha maksimal darajadagi adekvatlikni ta’minlovchi to‘liq funksional parvoz trenajyori.
GI — Ground Instructor — nazariy (yerusti) tayyorgarlik bo‘yicha instruktor — havo kemalaridan foydalanish va parvozlar xavfsizligi sohasidagi o‘qituvchi.
ICAO (ИКАО) — International Civil Aviation Organization — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti.
IOS — Instructor Operating Station — instruktorga trenajyor uskunalarini faol boshqarish, o‘quv-mashg‘ulot vazifalarini belgilash, parvozning dinamikasi va trayektoriyasini nazorat qilish, o‘quv-mashg‘ulot yoki imtihon-nazorat tadbirining parametrlari va natijalarini qayd etish imkonini beruvchi boshqaruv va indikatsiya panellari.
QTG — Qualification Test Guide — parvoz trenajyorining xususiyatlari va boshqariluvchanligining tegishli turdagi havo kemasining real ekspluatatsiya sharoitlari va tamoyillariga muvofiqligini, shuningdek uning o‘quv-mashg‘ulot va imtihon-nazorat tadbirlariga yaroqliligini malakaviy baholashda qo‘llaniladigan asosiy nazorat hujjati.
QTG tarkibida ekspluatatsiya jarayonida bajariladigan avtomatik tekshiruvlar (automatic testing), trenajyor tizimlaridan foydalangan holda o‘tkaziladigan integratsiyalashgan tekshiruvlar (integrated testing), shuningdek malakali mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladigan qo‘lda yoki qo‘shimcha tekshiruvlar (manual testing) nazarda tutiladi.
Master QTG — trenajyorni ekspluatatsiyaga kiritishdan oldin uning dastlabki malakaviy baholashini amalga oshirishda asos qilib olinadigan QTGning eng to‘liq varianti.
LOFT — Line Oriented Flight Training — to‘liq funksional parvoz trenajyorida uchuvchilar tarkibini tayyorlash yoki tekshirish bo‘lib, ekipajning uchish aeroportidan belgilangan yo‘nalish bo‘yicha qo‘nish aeroportigacha bo‘lgan standart parvozni (reysni) maksimal darajada imitatsiya qiluvchi tamoyillar asosida tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
LPC — License Proficiency Check — parvoz faoliyatidagi tanaffusdan so‘ng parvozlarni amalga oshirishga ruxsatni tiklash maqsadida o‘quv-mashg‘ulot uskunalaridan foydalangan holda ekipaj a’zosining havo kemasini boshqarish bo‘yicha ko‘nikmalarini tekshirish.
MMEL — Master Minimum Equipment List — havo kemasining xavfsiz parvozini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan minimal uskunalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan havo kemasi ishlab chiqaruvchisining hujjati.
OPC — Operator Proficiency Check — o‘quv-mashg‘ulot uskunalaridan foydalangan holda ekipaj a’zosining havo kemasini boshqarish ko‘nikmalarini davriy tekshirish.
RVR — Runway Visual Range — uchish-qo‘nish yo‘lagidagi ko‘rish masofasi.
SFE — Synthetic Flight Examiner — aviatsiya trenajyorida imtihon oluvchi instruktor.
SFI — Synthetic Flight Instructor — uchuvchilar tarkibini trenajyor orqali tayyorlash bo‘yicha instruktor.
SOP — Standard Operating Procedure — havo kemasi ekipaji a’zolarining ish texnologiyasi va o‘zaro hamkorligi tartibini tavsiflovchi hujjat.
TRTC — Type Rating Transition Course — uchuvchilar tarkibini yangi/boshqa turdagi havo kemasiga qayta tayyorlash kursi.
TRTO — Type Rating Training Organisation — ekipaj a’zolarining malakasini oshirishni, shuningdek aviatsiya xodimi guvohnomasiga tegishli turdagi havo kemasida parvozlarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi malaka belgisini kiritish uchun tayyorgarlikni amalga oshiruvchi o‘quv tashkiloti.
VPT — Virtual Procedure Trainer — Boeing 767 samolyoti uchuvchilar kabinasining virtual aviatsiya trenajyori.
Avariya-qutqaruv tayyorgarligi — favqulodda vaziyatda havo kemasi bortida, aerodromdan tashqarida va suvga qo‘nish holatlarida uchuvchilar tarkibi hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (bort kuzatuvchilari)ning omon qolish, to‘g‘ri harakat qilish va yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan nazariy tayyorgarlik va amaliy mashg‘ulotlar majmuasi.
Aviatsiya ma’muriyati — havo kemalarining havo hududida va fuqarolik aviatsiyasi aerodromlarida parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha funksiyalarni amalga oshiruvchi davlatning oliy vakolatli organi.
Davlat aviatsiya ma’muriyati, odatda, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik, aviatsiya qoidalarini ishlab chiqish, sertifikatlash, davlat tomonidan tartibga solish va fuqarolik aviatsiyasi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun javobgardir.
Aviatsiya tashkiloti — tashkiliy-huquqiy shakli va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, asosiy faoliyat maqsadi aviatsiya texnikasini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish, ekspluatatsiya qilish, ta’mirlash va/yoki utilizatsiya qilishdan iborat bo‘lgan yuridik shaxs.
Aviatsiya trenajyori — samolyot yoki uning tarkibiy qismlarini imitatsiya qiluvchi, ekipaj a’zolarining standart va favqulodda vaziyatlardagi amaliy ko‘nikmalari va harakatlarini mashq qilish uchun mo‘ljallangan uskuna.
Samolyot trenajyori simulator, procedure trainer yoki full flight simulator ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Xalqaro terminologiyada samolyot trenajyori Flight Simulation Training Device (FSTD) deb ataladi.
Akademik soat — auditoriyada nazariy mashg‘ulotlar yoki o‘quv-mashg‘ulot uskunalarida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, shuningdek mashg‘ulotlar va imtihonlar jadvalini rejalashtirish uchun mo‘ljallangan 45 daqiqalik vaqt birligi.
AUЦ — aviatsiya o‘quv markazi — aviatsiya xodimlari, shuningdek parvozlarni amalga oshirish yoki ta’minlash bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa mutaxassislarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va saqlab turish vazifalarini hal qilish uchun mo‘ljallangan mustaqil aviatsiya tashkiloti yoki aviatsiya tashkilotining bo‘linmasi.
Aviatsiya o‘quv markazi xizmatlarining ro‘yxati buyurtmachilarning talabi va ishlab chiqarish zaruratiga ko‘ra belgilanadi hamda tegishli sertifikat va litsenziyalar bilan tasdiqlanadi.
Slotlarni bron qilish — topshirilgan arizaga muvofiq o‘quv-mashg‘ulot uskunasini muayyan mijoz uchun biriktirish.
VKK — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqarolik aviatsiyasi agentligining Oliy malaka komissiyasi.
HK — havo kemasi.
UQY — uchish-qo‘nish yo‘lagi.
O‘quv-mashg‘ulot va imtihon-nazorat tadbirlarini o‘tkazishning yillik rejasi — ijrochi va o‘quv-mashg‘ulot xizmatlari buyurtmachisi tomonidan kelishilgan hamda O‘MM rahbari tomonidan tasdiqlangan umumiy reja bo‘lib, unga muvofiq O‘MM resurslari rejalashtiriladi, O‘MM bazasida o‘quv-mashg‘ulot va imtihon-nazorat tadbirlari tashkil etiladi va ta’minlanadi.
Mazkur Reja bir nechta turli o‘quv-mashg‘ulot xizmatlari buyurtmachilari manfaatlari uchun rejalashtirilgan tadbirlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
GPPT — xodimlarni kasbiy tayyorlash guruhi.
DSP — «xizmat doirasida foydalanish uchun» hujjat belgisi bo‘lib, mazkur hujjatning O‘MM xodimlaridan tashqarida tarqatilishini cheklaydi, tegishli ruxsati yoki O‘MM ma’muriyatining yozma iznisiz hujjatni xizmat hududidan olib chiqish, nazoratsiz nusxa ko‘chirish, o‘rganish va undan foydalanishni taqiqlaydi.
O‘quv guruhi jurnali — o‘quv-mashg‘ulot va imtihon-nazorat tadbirlarini o‘tkazish natijalarini aks ettiruvchi asosiy hujjat. O‘quv guruhi jurnali elektron yoki qog‘oz shaklida yuritilishi mumkin.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari — hisoblash texnikasi va telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish orqali amalga oshiriladigan axborot jarayonlari va axborot bilan ishlash usullari.
Masofaviy ta’lim axborot texnologiyalari — masofaviy ta’lim rejimida o‘quv materiallarini yaratish, uzatish va saqlash, o‘quv jarayonini tashkil etish va unga hamrohlik qilish texnologiyalari.
Aviatsiya trenajyorining malaka darajasi — «Fidelity» ta’rifiga qarang.
KK — malaka komissiyasi.
Mijoz — «O‘quv-mashg‘ulot markazi» MChJ xizmatlaridan manfaatdor bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
KAS — malaka oshirish kursi.
KTS — samolyotning kompleks trenajyori — muayyan turdagi samolyot uchuvchilar kabinasi.
Kurs (o‘quv kursi) — belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, xodimlarni o‘qitish bo‘yicha nazariy va/yoki amaliy modullarni o‘z ichiga olgan tadbirlar majmuasi.
LMO — Parvoz-uslubiy bo‘lim — O‘MMning o‘quv-mashg‘ulot uskunalaridan parvoz maqsadlarida foydalanishni amalga oshiruvchi ishlab chiqarish bo‘linmasi.
Makет — samolyot yoki boshqa aviatsiya infratuzilmasining interfeysi va/yoki konstruksiyasi elementlarini bazaviy darajada imitatsiya qiluvchi, harakatsiz model yoki inshoot bo‘lib, xodimlarni o‘qitish, muayyan amaliy ko‘nikmalarni mashq qilish, amaliy imtihonlar o‘tkazish va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
O‘qitish uskunalari — O‘MMga tegishli yoki u tomonidan ijaraga olingan hamda masofaviy ta’lim va/yoki O‘MM bazasidagi tayyorgarlik davrida tinglovchilarga vaqtincha foydalanish uchun beriladigan kompyuter yoki boshqa texnika, gadjetlar, periferik qurilmalar va boshqa uskunalar.
OVD — havo harakatiga xizmat ko‘rsatish.
Onlayn — Internet ulanishi orqali tinglovchiga o‘quv-mashg‘ulot xizmatini taqdim etuvchi xizmatdan foydalanishni nazarda tutuvchi masofaviy ta’lim yoki testdan o‘tish rejimi.
Oflayn — Internetga ulanish zaruratisiz apparat qurilmasida (kompyuter, gadjet, planshet va boshqalar) oldindan o‘rnatilgan yoki dasturlashtirilgan avtonom xizmat orqali o‘quv-mashg‘ulot xizmatidan foydalanishni nazarda tutuvchi masofaviy ta’lim yoki testdan o‘tish rejimi.
Xodimlar — o‘quv-mashg‘ulot yoki imtihon-nazorat tadbirlaridan o‘tish uchun yuboriladigan yoki bunday tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etadigan aviatsiya yoki boshqa tashkilotlarning xodimlari.
Pedagogik soat — tinglovchi mashg‘ulotda bo‘ladigan 60 daqiqalik vaqt bo‘lib, shundan 45 daqiqasi mashg‘ulotga va 15 daqiqagacha bo‘lgan qismi mashg‘ulotlar orasidagi tanaffusga ajratiladi.
Pedagogik soat o‘qitishning ishlab chiqarish tannarxi va narxini belgilash uchun mo‘ljallangan vaqt birligidir.
DT — dasturiy ta’minot.
PUOT — uchuvchilar tarkibini tayyorlash dasturlari — «Uzbekistan Airways» AJning uchuvchilar va parvoz bo‘linmalarining instruktorlar tarkibini tayyorlash hamda parvozlarga ruxsat berish tartibini belgilovchi asosiy hujjati.
Ommaviy oferta — odatda ijrochi yoki tovar sotuvchisining (ofertachining) rasmiy Internet-sayti, mobil ilovasi yoki boshqa kontaktsiz tarqatish usullari orqali elektron shaklda tarqatiladigan, potensial mijozga (adresatga) yo‘naltirilgan va shartnomaning muhim shartlarini o‘z ichiga olgan bitim tuzish to‘g‘risidagi taklif.
Adresat ofertani qabul qilishi (aksept) taraflar o‘rtasida ofertada taklif etilgan shartlar asosida shartnoma tuzilganligini anglatadi.
Ommaviy oferta quyidagi bitim taraflarini nazarda tutadi:
Ofertachi — Internet-sayt, mobil ilova yoki boshqa kontaktsiz tarqatish usullari orqali tovarlar yoki xizmatlarni taklif qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs.
Adresat — oferta orqali tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish taklif etilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
Akseptant — tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish maqsadida oferta shartlarini ongli ravishda qabul qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
RLE — parvozlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha qo‘llanma.
Ta’limni boshqarish tizimi (Learning Management System — LMS) — ta’lim jarayonini boshqarish, hujjatlashtirish, kuzatish, hisobot berish, avtomatlashtirish hamda tinglovchiga o‘quv va ko‘rgazmali materiallar, test savollari va o‘quv materialini samarali o‘zlashtirishga yordam beruvchi boshqa axborotlardan masofadan foydalanish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot majmuasi.
Slot — samolyotning to‘liq funksional parvoz trenajyorida uchuvchilar mashg‘ulotini rejalashtirish va o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt davri.
Odatda sutka davomida har biri 4 soatdan iborat bo‘lgan 5 tadan ortiq slot rejalashtirilmaydi. Har bir slotga lotin alifbosining A dan E gacha bo‘lgan harflaridan biri beriladi.
Tinglovchi — o‘quv-mashg‘ulot xizmatlarining buyurtmachisi bo‘lgan yoki O‘MM bilan shartnoma tuzgan o‘quv-mashg‘ulot xizmatlari buyurtmachisini vakili bo‘lgan jismoniy shaxs.
SMT — sifat menejmenti tizimi (Quality Management System).
PXS — parvozlar xavfsizligini boshqarish tizimi (Safety Management System).
Trenajyor — fuqarolik aviatsiyasi havo kemalarining parvozlarini ishlab chiqarish yoki ta’minlash bilan bog‘liq funksiyalarni bajarish bo‘yicha xodimlarni amaliy o‘qitish va/yoki ularning ko‘nikmalarini baholash uchun mo‘ljallangan o‘quv-mashg‘ulot uskunasi.
Trenajyor tayyorgarligi — aviatsiya xodimlarining kasbiy tayyorgarligi va malakasini saqlab turishning bir qismi bo‘lib, turli xil mashq qurilmalari (aviatsiya trenajyorlari) yordamida amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash, saqlab turish va takomillashtirishga qaratilgan.
Trenajyor tayyorgarligi mashg‘ulotlar, tekshiruvlar, parvozlarni amalga oshirish, maxsus ko‘nikmalarni mashq qilish va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi, biroq ular bilan cheklanmaydi.
TK — Trenajyor kompleksi — O‘MMning o‘quv-mashg‘ulot uskunalaridan texnik foydalanishni amalga oshiruvchi ishlab chiqarish bo‘linmasi.
O‘MM — «O‘quv-mashg‘ulot markazi» MChJ.
O‘quv-mashg‘ulot uskunalari — BUYURTMACHI manfaatlari yo‘lida foydalaniladigan yoki BUYURTMACHIning ixtiyoriga xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini mashq qilish maqsadida beriladigan texnik vositalar.
Texnik vositalarga real sharoitlarni imitatsiya qilgan holda xodimlarni amaliy ishlarga o‘rgatish imkonini beruvchi turli virtual yoki statsionar qurilmalar kiradi.
O‘quv-mashg‘ulot uskunalariga aviatsiya trenajyorlari, shuningdek samolyot saloni maketlari (emergency evacuation trainer), havo kemalarining asosiy va favqulodda chiqish eshiklari maketlari (door trainer), yong‘inni o‘chirish ko‘nikmalarini mashq qilish uchun kompleks qurilmalar (fire trainer), tibbiy maketlar, tekshiruv uskunalari imitatorlari va boshqalar kiradi.
O‘quv-mashg‘ulot xizmatlari — nazariy, amaliy, masofaviy va kasbiy ta’lim, shuningdek bilim va ko‘nikmalarni nazorat qilish bo‘yicha keng turdagi xizmatlar bo‘lib, zarur yoki talab etilgan hollarda Aviatsiya ma’muriyati tomonidan ma’qullanadi va o‘quv-mashg‘ulot markazi tomonidan mijozlarga taklif etiladi.
O‘quv-mashg‘ulot tadbiri — xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini egallash, mustahkamlash, tiklash yoki rivojlantirishga qaratilgan nazariy va/yoki amaliy ta’lim.
O‘quv rejasi — tasdiqlangan O‘quv kursi dasturining tarkibiy qismi bo‘lib, unda kursning alohida elementlari (modullari) bo‘yicha hajm, soatlar soni, fanlar nomi va boshqa batafsil ma’lumotlar keltiriladi.
O‘quv jarayoni — xodimlarni tayyorlash, rejalashtirish, tashkil etish va o‘qitish bo‘yicha tadbirlar majmui.
Imtihon-nazorat tadbiri — BUYURTMACHI manfaatlari yo‘lida bilimlarni o‘zlashtirish, zarur ko‘nikmalarni egallash yoki mavjudligini nazorat qilish maqsadida o‘tkaziladigan turli xil imtihonlar, sinovlar, testlar, amaliy ko‘nikmalar va ish texnologiyalarini tekshirish tadbirlari.
3. TARAFLARNING MAJBURIYATLARI
3.1. IJROCHI quyidagilarga majbur:
3.1.1. TARAFLAR tomonidan tuzilgan SHARTNOMA doirasida sifatli xizmatlar ko‘rsatish.
3.1.2. BUYURTMACHIni o‘quv kursi (mashg‘ulot)ning tasdiqlangan dasturida nazarda tutilgan binolarga, shuningdek barcha zarur uskunalar, infratuzilma va xizmatlardan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash.
3.1.3. BUYURTMACHIni xavfsizlik texnikasi va binolar hamda trenajyorlardan favqulodda evakuatsiya qilish tartib-taomillari bo‘yicha yozma, multimedia yoki interaktiv yo‘riqnomalar bilan ta’minlash.
3.1.4. Zarurat tug‘ilganda SHARTNOMA bo‘yicha bajarilgan ishlar dalolatnomasini o‘z vaqtida imzolash uchun tayyorlash.
3.1.5. Kurs muvaffaqiyatli yakunlanganidan keyin uch ish kuni ichida BUYURTMACHIGA belgilangan namunadagi Sertifikatni berish yoki pochta orqali yuborish.
3.1.6. O‘qitish sanalari yoki tartibidagi har qanday o‘zgarishlar (kursning bekor qilinishi, kurs boshlanish sanasining ko‘chirilishi, uskunaning nosozligi va boshqalar) haqida BUYURTMACHIni kamida 3 ish kuni oldin xabardor qilish.
3.1.7. Quyidagi holatlarda BUYURTMACHIni elektron pochta orqali rasmiy xat bilan o‘z vaqtida xabardor qilish:
- BUYURTMACHI aybi bilan o‘qishni to‘xtatish;
- BUYURTMACHIGA qo‘shimcha ta’lim, mashg‘ulot yoki test (imtihon) topshirish uchun qo‘shimcha urinish zarurligi;
- BUYURTMACHI tomonidan belgilangan xulq-atvor normalari va qoidalari, obyekt ichki tartibi va o‘tkazish rejimining buzilishi;
- BUYURTMACHI tomonidan jamoat tartibiga yoki yong‘in xavfsizligiga tahdid yuzaga keltirilishi;
- BUYURTMACHIning nomaqbul xatti-harakatlari, mol-mulkka zarar yetkazishga urinishlari;
- BUYURTMACHIda o‘quv materialini o‘zlashtirish uchun yetarli bo‘lmagan bazaviy bilim va ko‘nikmalar mavjudligi aniqlanishi.
3.2. BUYURTMACHI quyidagilarga majbur:
3.2.1. IJROCHI tomonidan berilgan hisob-fakturaga muvofiq o‘quv-mashg‘ulot yoki imtihon-nazorat tadbiri boshlanishidan kamida 3 ish kuni oldin xizmatlar uchun 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirish.
3.2.2. Mazkur hujjatning 3.1.7-bandida nazarda tutilgan axborotni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, qaror qabul qilish va keyingi o‘qishni davom ettirish yoki qo‘shimcha o‘quv-mashg‘ulot va/yoki imtihon-nazorat tadbirlarini o‘tkazish maqsadga muvofiqligini elektron pochta orqali yozma ravishda tasdiqlash.
3.2.3. 3.1.7 va 3.2.2-bandlarda ko‘rsatilgan holatlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha xizmatlar uchun 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirish.
3.2.4. Rejalashtirilgan tadbirni bekor qilish yoki BUYURTMACHIning unda ishtirok etishdan bosh tortishi zarur bo‘lgan taqdirda, bu haqda IJROCHIni education.utc@uzairways.com elektron pochta manzili orqali yozma ravishda xabardor qilish.
3.2.5. IJROCHI tomonidan taqdim etilgan yo‘riqnomalarga muvofiq o‘quv-mashg‘ulot va o‘qitish uskunalaridan to‘g‘ri va ehtiyotkorlik bilan foydalanish hamda ulardan foydalanish qoidalari va me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash.
3.2.6. IJROCHI hududida va binolarida zarur xavfsizlik texnikasi choralarini, favqulodda evakuatsiya tartiblarini hamda kirish va hududda bo‘lish qoidalarini bilish va bajarishni ta’minlash.
3.2.7. Xodimlariga vaqtincha foydalanish uchun berilgan barcha o‘quv materiallari, adabiyotlar va uskunalarni IJROCHIGA qaytarishni ta’minlash.
4. JAVOBGARLIK
4.1. IJROCHINING javobgarligi
4.1.1. IJROCHI xizmatlarni tuzilgan SHARTNOMA, mazkur hujjat hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv, mashg‘ulot va tekshiruv kurslari dasturlariga muvofiq ko‘rsatish uchun javobgar.
4.1.2. O‘quv-mashg‘ulot va/yoki imtihon-nazorat tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazishga to‘sqinlik qiluvchi texnik sabablar yuzaga kelgan taqdirda, IJROCHI bu haqda BUYURTMACHIni imkon qadar tezroq xabardor qiladi.
4.1.3. O‘quv-mashg‘ulot uskunalarining texnik sozligi tiklanganidan so‘ng IJROCHI BUYURTMACHI oldidagi o‘z majburiyatlarining to‘liq bajarilishini kafolatlaydi.
4.2. BUYURTMACHINING javobgarligi
4.2.1. BUYURTMACHI zarur tashkiliy tadbirlarni mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda viza rasmiylashtirish, xizmat ko‘rsatish joyiga borish, yashash, ovqatlanish va tibbiy sug‘urta bilan bog‘liq barcha xarajatlarni to‘laydi.
4.2.2. BUYURTMACHI o‘z aybi bilan IJROCHI hududida joylashgan qimmatbaho o‘quv-mashg‘ulot uskunalarining buzilishi yoki shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘radi.
4.2.3. BUYURTMACHI o‘z aybi bilan uskunaning ishlamay qolishiga yoki qimmat ta’mirlashni talab qiluvchi zararga olib kelganligi hujjatlar bilan isbotlangan taqdirda, moddiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
4.2.4. BUYURTMACHI tayyorgarlik dasturi, aviatsiya yoki boshqa vakolatli organlar tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligi uchun to‘liq javobgar.
4.2.5. BUYURTMACHI maxfiylikni saqlash majburiyatini oladi va o‘quv rejalari, dasturlari, narxlari, o‘qitish usullari va boshqalarning parametrlari va tafsilotlarini boshqa mutaxassislarga yoki har qanday uchinchi shaxslarga oshkor qilmasligi kerak.
4.2.6. BUYURTMACHI IJROCHINING har qanday uskunalarining saqlanishi va unga vaqtincha foydalanish uchun berilgan o‘quv uskunalari, adabiyotlar va materiallarning o‘z vaqtida qaytarilishi uchun javobgar.
4.2.7. BUYURTMACHI imtihon-nazorat tadbirlarini takroran o‘tash (qayta topshirish) xarajatlarini mustaqil ravishda to‘laydi.
4.3. TARAFLARNING javobgarligi
4.3.1. TARAFLARDAN birining xodimlari aybi bilan yoki mazkur hujjat va/yoki tuzilgan SHARTNOMA shartlarining bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi natijasida yuzaga kelgan zararlar ularni aniq tasdiqlovchi hujjatlar asosida qoplanadi.
4.3.2. Mazkur hujjat va/yoki tuzilgan SHARTNOMA shartlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, TARAFLAR O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan javobgarlikni o‘z zimmalariga oladilar.
5. JAVOBGARLIKDAN OZOD QILISH
5.1. IJROCHI o‘z o‘quv-mashg‘ulot markazi bazasida tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslarning kasbiy bilimlari va/yoki ko‘nikmalari bilan bog‘liq oqibatlar uchun javobgar emas.
TARAFLAR, shuningdek, IJROCHI tomonidan ko‘rsatiladigan o‘quv-mashg‘ulot xizmatlari BUYURTMACHI tomonidan IJROCHINING professional o‘quv-mashg‘ulot markazida har qanday o‘quv kursini yakunlaganidan keyin o‘z bilimlari va/yoki ko‘nikmalarini sifatli qo‘llashining kafolati bo‘la olmasligiga rozi bo‘ladilar.
5.2. IJROCHI o‘z professional o‘quv-mashg‘ulot markazi bazasida tuzilgan SHARTNOMA talablari va shartlarini bajarish doirasida tayyorgarlikdan o‘tayotgan har qanday shaxs tegishli aviatsiya korxonasi, tartibga soluvchi muassasa, vakolatli yoki davlat organlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma, litsenziya, sertifikat yoki toifalarga da’vogarlik qilish imkonini beruvchi zarur malakaga ega bo‘lishiga kafolat bermaydi.
5.3. IJROCHI SHARTNOMA talablari va shartlarini bajarish natijalari yoki IJROCHINING o‘quv-mashg‘ulot xizmatlaridan foydalanish natijasida BUYURTMACHI yoki har qanday uchinchi shaxs tomonidan ko‘rilgan bevosita, bilvosita, maxsus, qo‘shimcha, tasodifiy, jarima xarakteridagi yoki jazo tariqasida undiriladigan, shuningdek shoshilinch, shoshilinch bo‘lmagan, oldindan ko‘rilgan yoki ko‘rilmagan zararlar uchun, hatto IJROCHI bunday zarar yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabardor qilingan, bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan taqdirda ham javobgar emas.
5.4. IJROCHI har qanday javobgarlikni rad etadi va BUYURTMACHI IJROCHI tomonidan ko‘rsatilgan o‘quv-mashg‘ulot xizmatlaridan foydalanish natijasida kelib chiqqan yoki ular bilan bog‘liq har qanday zarar uchun IJROCHI javobgar emasligiga rozilik bildiradi.
5.5. SHARTNOMA, shuningdek SHARTNOMA talablari va shartlarini bajarish doirasida berilgan Sertifikatlar ishga joylashishni kafolatlamaydi va har qanday tashkilotga, har qanday mutaxassislik bo‘yicha, shu jumladan tayyorgarlik o‘tkazilgan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashish uchun yagona asos hisoblanmaydi.
6. XIZMATLAR QIYMATI VA TO‘LOV TARTIBI
6.1. Xizmatlarning qiymati TARAFLAR tomonidan imzolangan SHARTNOMAga Ilova hisoblanadigan **«Xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma narxi to‘g‘risidagi kelishuv bayonnomasi»**da ko‘rsatiladi.
6.2. Xizmatlar 100 foiz oldindan to‘lov sharti asosida ko‘rsatiladi.
6.3. IJROCHI aybi bilan oldindan kelishilgan o‘quv-mashg‘ulot tadbirlari bekor qilingan taqdirda, oldindan to‘lov BUYURTMACHIGA to‘liq qaytariladi yoki BUYURTMACHIning roziligi bilan xizmatlar keyingi muddatga ko‘chiriladi.
6.4. Mazkur hujjatning 3.1.7-bandiga muvofiq BUYURTMACHI aybi bilan to‘liq yoki qisman bekor qilingan xizmatlar uchun oldindan to‘lov qaytarilmaydi.
6.5. BUYURTMACHI aybi bilan oldindan kelishilgan o‘quv-mashg‘ulot tadbirlari bekor qilingan taqdirda, oldindan to‘lov quyidagi tartibda qaytariladi:
6.5.1. xizmatlardan yozma ravishda voz kechilgan taqdirda (yozma ariza yoki elektron pochta orqali xabar):
- o‘quv-mashg‘ulot tadbirlari boshlanish sanasidan kamida 5 ish kuni oldin — oldindan to‘lov summasining 100 foizi miqdorida;
- o‘quv-mashg‘ulot tadbirlari boshlanish sanasidan 1–3 ish kuni oldin — oldindan to‘lov summasining 50 foizi miqdorida.
6.5.2. Boshqa barcha hollarda BUYURTMACHI aybi bilan to‘liq yoki qisman bekor qilingan xizmatlar uchun oldindan to‘lov qaytarilmaydi.
7. XIZMATLAR KO‘RSATISH QOIDALARI
7.1. Har bir ish haftasi uchun mashg‘ulotlar va imtihonlar jadvali jadval amal qilishi boshlanishidan oldingi oxirgi ish kunida axborot taxtasida va aviatraining.uz rasmiy Internet-saytida joylashtiriladi.
7.2. Mashg‘ulotlar va imtihonlar jadvali kamida bir o‘quv haftasi uchun tuziladi.
7.3. Kunduzgi mashg‘ulotlarning birinchi kunida o‘qituvchi tinglovchilarni O‘MM infratuzilmasi, avariya chiqish joylari, yong‘in va asosiy zinapoyalar, o‘t o‘chirgichlar, hojatxonalar, qo‘l dezinfeksiyasi vositalari, oshxona, chekish zonasi va xavfsizlik hamda hayotiy faoliyatni ta’minlashning boshqa muhim elementlarining joylashuvi bilan tanishtiradi.
Mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin tinglovchilar O‘MM yoki ijaraga olingan obyekt hududidagi obyekt ichki va o‘tkazish rejimi qoidalari, shuningdek xavfsizlik texnikasi choralari bilan tanishtirilishi kerak.
7.4. Tinglovchi butun kurs bo‘yicha umumiy soatlar hajmining yoki kurs o‘quv rejasida nazarda tutilgan fanlardan birining soatlar hajmining 25 foizi yoki undan ko‘pini qoldirgan taqdirda navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot va/yoki imtihon-nazorat tadbirlariga qo‘yilmaydi.
Bunday holatda, mashg‘ulotlarni qoldirish sabablaridan qat’i nazar, TARAFLAR tomonidan avval tuzilgan SHARTNOMA bekor qilinadi, mazkur tinglovchining ta’lim olishi hisobga olinmaydi va unga hech qanday holatda Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikat berilmaydi.
7.5. Ayrim mashg‘ulotlarni oldingi bandda ko‘rsatilgan miqdordan kam hajmda qoldirgan tinglovchining tayyorgarlik kursini davom ettirishiga O‘MMning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tinglovchining yozma arizasini batafsil ko‘rib chiqqanidan, uning mashg‘ulotlarda bo‘lmaganligi sabablarining obyektivligini tahlil qilganidan va o‘qituvchi(lar)ning keyingi o‘qishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqidagi fikrini inobatga olganidan so‘ng ruxsat beradi.
Bunday holatda keyingi o‘qishga ruxsat berilgan tinglovchi mustaqil ravishda yoki o‘qituvchi rahbarligida qoldirilgan materialni o‘rganadi va uning o‘zlashtirilganligini o‘qituvchiga namoyish etadi. Bu haqda O‘quv guruhi jurnaliga tegishli yozuv kiritiladi.
7.6. Test sinovlarini o‘tkazishda har bir nazorat savoliga javob berish uchun tinglovchiga bir daqiqa vaqt va 4 ta javob variantidan birini tanlash imkoniyati beriladi.
7.7. Tinglovchi test jarayonida, agar bu BUYURTMACHI kurslarining standartlari va talablariga zid bo‘lmasa, ma’lumotnoma materiallaridan faqat qog‘oz shaklida foydalanish huquqiga ega (open book exam).
Aks holda test ma’lumotnoma materiallaridan foydalanish huquqisiz (closed book exam) o‘tkaziladi.
Test vaqtida Internetdan foydalanish yoki har qanday elektron qurilmalar (gadjetlar) orqali ma’lumotnoma materiallariga murojaat qilish taqiqlanadi.
7.8. To‘g‘ri javoblar sonining berilgan savollarning umumiy soniga nisbati asosida test natijalari bo‘yicha quyidagi baholash mezonlari belgilanadi:
- 5 ball (A’lo — Excellent) — 86 foizdan yuqori;
- 4 ball (Yaxshi — Good) — berilgan savollarning umumiy sonidan 71 foizdan 85 foizgacha;
- 3 ball (Qoniqarli — Satisfactory) — 56 foizdan 70 foizgacha;
- 2 ball (Qoniqarsiz — Fail) — 55 foiz va undan kam.
7.9. Imtihon suhbat shaklida o‘tkazilganda, har bir tinglovchi (BUYURTMACHI) tasodifiy ravishda bitta imtihon bileti tanlashi kerak. Imtihon bileti nazorat savollari hamda amaliy topshiriqlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Tinglovchi tanlangan imtihon biletidagi har bir nazorat savoli va amaliy topshiriqqa javob tayyorlash uchun 5 daqiqagacha vaqt sarflashi mumkin.
Bunda tinglovchi har qanday ma’lumotnoma materiallari, Internet yoki elektron qurilmalardan (gadjetlardan) foydalanish huquqiga ega emas.
Nazorat va qo‘shimcha savollarga berilgan og‘zaki javoblar natijalariga ko‘ra besh ballik tizimda baho qo‘yiladi.
7.10. O‘qituvchi (imtihon oluvchi) suhbat shaklidagi imtihonda yakuniy bahoni quyidagi mezonlarni hisobga olgan holda belgilaydi:
«5» (A’lo — Excellent) — tinglovchi barcha nazorat va qo‘shimcha savollarga benuqson javob bergan, fan bo‘yicha chuqur bilimlarni namoyish etgan, o‘z fikrlarini adabiy va texnik jihatdan savodli tarzda, zamonaviy xalqaro aviatsiya terminologiyasidan foydalangan holda bayon qilgan taqdirda qo‘yiladi.
«4» (Yaxshi — Good) — tinglovchi barcha savollarga asosan to‘g‘ri javob bergan, bunda ahamiyatsiz xatolarga yo‘l qo‘ygan va ularni o‘z vaqtida tuzatgan, fan bo‘yicha mustahkam bilimlarni namoyish etgan, o‘z fikrlarini adabiy va texnik jihatdan savodli tarzda, zamonaviy xalqaro aviatsiya terminologiyasidan foydalangan holda bayon qilgan taqdirda qo‘yiladi.
«3» (Qoniqarli — Satisfactory) — tinglovchi savollardan biriga noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan javob bergan, biroq imtihon oluvchining qo‘shimcha savollaridan so‘ng mustaqil ravishda aniqlik kiritgan va fan bo‘yicha qoniqarli bilimlarni namoyish etgan, o‘z fikrlarini tushunarli tilda bayon qilgan hamda terminologiyada kichik noaniqliklarga yo‘l qo‘ygan taqdirda qo‘yiladi.
«2» (Qoniqarsiz — Fail) — tinglovchi imtihon biletidagi ikki yoki undan ortiq savolga noto‘g‘ri javob bergan yoki javob bera olmagan taqdirda qo‘yiladi.
7.11. Tinglovchining imtihon biletidagi nazorat savollariga javob berishda jiddiy bo‘lmagan qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda, imtihon oluvchi bilimlarni baholashning xolisligini ta’minlash maqsadida tinglovchiga boshqa imtihon biletini tasodifiy ravishda qayta tanlashni taklif qilish huquqiga ega.
Biroq bunday holatda imtihonning yakuniy bahosi 4 (Yaxshi — Good) dan yuqori bo‘lishi mumkin emas.
7.12. Tinglovchi qoniqarsiz baho (2 ball) yoki Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikatni olish imkonini bermaydigan baho (3 ball) olgan taqdirda imtihon-nazorat tadbirini qayta topshirishga faqat o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining ruxsati bilan, tinglovchining arizasi va mazkur fan bo‘yicha o‘qituvchi (imtihon oluvchi)ning majburiy yozma iltimosnomasi asosida bir marta ruxsat beriladi.
Bunday holatda xizmatlar BUYURTMACHISI takroriy imtihon-nazorat tadbirini o‘tkazish uchun sarflangan qo‘shimcha soatlar haqini to‘lashi shart.
7.13. Kurs tayyorgarligi dasturida nazarda tutilgan imtihon-nazorat tadbirlarini eksternat tartibida (ta’lim olmasdan) o‘tashga yo‘l qo‘yilmaydi.
7.14. Kurs tayyorgarligi dasturida nazarda tutilgan imtihon-nazorat tadbirlari tinglovchi bir o‘quv kuni davomida faqat bitta yoki ikkita o‘quv fanidan imtihon topshiradigan yoki testdan o‘tadigan tarzda rejalashtiriladi.
7.15. Yuzaga kelgan holatlardan qat’i nazar, tinglovchi Kurs dasturida nazarda tutilgan barcha tadbirlarni hamda barcha takroriy imtihon-nazorat tadbirlarini Kurs dasturi bo‘yicha tayyorgarlik yakunlangan kundan boshlab 30 kalendar kuni ichida tugatishi shart.
Aks holda mazkur tinglovchiga Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikat berilmaydi.
7.16. Barcha imtihon-nazorat tadbirlari uzluksiz audio va video yozuv ostida o‘tkaziladi.
Yozib olingan fayllar maxsus serverda uch yil davomida saqlanadi.
Mazkur fayllar xizmatlar buyurtmachisiga yoki uning vakiliga, shuningdek nazorat qiluvchi organlarga faqat ularning rasmiy so‘rovi va O‘MM direktori yoki uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarining yozma ruxsati asosida taqdim etilishi mumkin.
Barcha xodimlar va videofayllar bilan ishlashga aloqador shaxslar imtihon-nazorat tadbiri davomida amalga oshirilgan videoyozuv tadbir ishtirokchilarining ishchanlik obro‘siga zarar yetkazishi va/yoki ularning kasbiy sifatlarini shubha ostiga qo‘yishi, shuningdek shaxsiy ma’lumotlarning oshkor etilishi xavfini yuzaga keltirishi mumkinligini hisobga olishlari lozim. Bunday oshkor etish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, hech qanday sharoitda yo‘l qo‘yilmaydi.
7.17. Imtihon-nazorat tadbirlari nazorat savollari bilan ta’minlanadi.
7.18. Imtihon-nazorat tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rishda tinglovchi nazorat savollaridan foydalanish huquqiga ega, biroq to‘g‘ri javoblar bilan tanishish imkoniyatiga ega emas.
7.19. Muayyan hollarda testga sifatli tayyorgarlik ko‘rish va materialni yaxshiroq o‘zlashtirish maqsadida O‘MM tinglovchilarga sinov o‘quv-mashg‘ulot tadbirlaridan (Mock Test) o‘tishni taklif qilishi mumkin.
7.20. ICAO shkalasi bo‘yicha ingliz tilini bilishning ishchi darajasini aniqlash testi yuzma-yuz va faqat suhbat shaklida o‘tkaziladi.
Mazkur imtihon-nazorat tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik aviatsiyasi agentligi bilan kelishilgan alohida Qo‘llanma (Yo‘riqnoma)ga muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
7.21. Test o‘tkazish tartibi buning uchun maxsus jihozlangan alohida xonada bitta davlat reyteri tomonidan amalga oshiriladi, natijalarni audioyozuv yordamida tekshirish jarayoni esa testda ishtirok etmagan boshqa davlat reyteri tomonidan amalga oshiriladi.
Test natijalari test yakunlangan paytdan boshlab 24 soat ichida e’lon qilinadi.
7.22. O‘MMning xalqaro maqomi munosabati bilan Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikat faqat ingliz tilida rasmiylashtiriladi va o‘zining ko‘rinishi, shakli hamda mazmuni bo‘yicha aviatsiya xodimlarini tayyorlashning xalqaro standartlariga muvofiq keladi.
7.23. Tinglovchi istalgan fan bo‘yicha yakuniy baho sifatida 4 dan past baho olgan taqdirda, Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikat o‘rniga tayyorgarlikning barcha fanlari bo‘yicha yakuniy baholar ko‘rsatilgan o‘qishni tugatganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma beriladi.
7.24. ICAO shkalasi bo‘yicha ingliz tilini bilishning ishchi darajasini aniqlash testi natijalari bo‘yicha Sertifikat faqat yakuniy natija 4 va undan yuqori bo‘lgan taqdirda beriladi.
Sertifikatda baholanadigan 6 ta parametr bo‘yicha alohida natijalar ko‘rsatiladi:
- pronunciation — talaffuz;
- structure — grammatika;
- vocabulary — so‘z boyligi;
- fluency — nutq ravonligi;
- comprehension — tushunish;
- interactions — muloqotdagi o‘zaro hamkorlik.
7.25. Sertifikatlar egasining familiyasi va ismi, kurs nomi hamda boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatilgan, raqamlangan maxsus qat’iy hisobot blankalarida chop etiladi.
7.26. Sertifikatlarning dublikatlari faqat sertifikat egasining yozma arizasi va O‘MMning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining ruxsati bilan beriladi.
7.27. Buyurtmachi xizmatlar uchun to‘lov yoki boshqa shartlar bilan bog‘liq SHARTNOMA bo‘yicha barcha majburiyatlarini to‘liq bajarmagan taqdirda, O‘MM buyurtmachiga Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikatni o‘z vaqtida berishni rad etish huquqiga ega.
7.28. O‘quv-mashg‘ulot uskunalari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqarolik aviatsiyasi agentligi tomonidan sertifikatlashtirilishi lozim.
Sertifikatlashtirish uchun asos O‘zbekiston Respublikasining GM-GEN-011 Aviatsiya qoidalari hisoblanadi.
7.29. O‘MM tinglovchilari va o‘qituvchilarining darsliklar, texnik adabiyotlar hamda boshqa o‘quv va ma’lumotnoma materiallariga bo‘lgan ehtiyojini texnik kutubxona ta’minlaydi.
7.30. Har qanday tinglovchi texnik kutubxonadan o‘quv qo‘llanmalari, texnik adabiyotlar va ma’lumotnoma materiallarini qog‘oz yoki elektron shaklda vaqtincha foydalanish uchun bepul olishi mumkin.
Ilgari vaqtincha foydalanish uchun olingan materiallar yoki elektron qurilmalarni kutubxonaga qaytarmagan tinglovchiga Kursni tugatganlik to‘g‘risidagi Sertifikat berilmaydi, shuningdek unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni undirish choralari ko‘riladi.
7.32. O‘quv jarayonini amalga oshirishda uning barcha ishtirokchilariga (o‘qituvchilar, tinglovchilar, O‘MM xodimlari va xizmatlar buyurtmachilariga) qat’iyan quyidagilar taqiqlanadi:
- alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilish;
- sigaret, sigara, trubka, kalyan, nosvoy, chaynash va hidlash tamakisini iste’mol qilish;
Izoh: O‘MM xodimlari va tashrif buyuruvchilarga chekish faqat O‘MMning orqa hovlisidagi maxsus chekish zonasida ruxsat etiladi. Zona kuldonli urnalar bilan jihozlangan va tutunning atrofdagi hududga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududdan ajratilgan. Chekish zonasiga bevosita yaqin joyda yong‘inga qarshi qalqon va suv ta’minotiga ulanish mavjud.
- O‘MM xodimlariga nisbatan yoki ular tomonidan, shuningdek xizmatlar buyurtmachilariga nisbatan yoki ular tomonidan korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini sodir etish;
- xavfsizlik texnikasi, obyekt ichki tartibi va o‘tkazish rejimi qoidalarini buzish;
- O‘MM hududiga yong‘in xavfi mavjud, portlovchi materiallar, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, zaharli moddalar va zaharlar, shuningdek O‘MM hududidagi infratuzilma, mol-mulk va shaxslar uchun xavf tug‘diradigan boshqa buyumlarni olib kirish;
- O‘MM xodimlari va tashrif buyuruvchilarning tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan O‘MM talablarini buzish;
- o‘quv-mashg‘ulot yoki imtihon-nazorat tadbirlariga kechikish, ushbu tadbirlarni o‘z vaqtida va/yoki o‘zboshimchalik bilan tark etish;
- o‘qituvchining so‘zini bo‘lish, o‘qituvchiga yoki boshqa tinglovchilarga o‘quv materialini bayon qilish yoki o‘zlashtirish jarayonida xalaqit berish;
- atrofdagilarga nisbatan qo‘pollik va nomaqbul xatti-harakatlar;
- O‘MM uskunalari, infratuzilma elementlari, moddiy yoki intellektual mulkini o‘g‘irlash yoki qasddan shikastlash;
- tegishli tayyorgarlik va ushbu faoliyat turiga ruxsatisiz har qanday uskunadan foydalanish;
- begona shaxslarning tashrif buyurishi uchun mo‘ljallanmagan xonalar va obyektlarga kirish;
- sanitariya talablarini buzish, atrofdagilarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar, viruslar va infeksiyalar tarqalishining oldini olish choralariga beparvo munosabatda bo‘lish;
- O‘MM rahbariyati bilan kelishilmagan holda o‘quv-mashg‘ulot yoki imtihon-nazorat tadbirlarida o‘quv jarayoniga aloqador bo‘lmagan shaxslarning ishtirok etishi;
- O‘MM rahbariyati yoki uning vakillari tomonidan ruxsat etilmagan har qanday audio va video yozuvlarni amalga oshirish;
- ijtimoiy tarmoqlarda yoki boshqa kanallar orqali O‘MM faoliyati, O‘MM xodimlari va mijozlari bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday axborot, shaxsiy ma’lumotlar, intellektual mulk hisoblangan materiallarni, shuningdek O‘MM faoliyatiga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish.
8. YAKUNIY QOIDALAR
8.1. Mazkur hujjatning amaldagi versiyasi aviatraining.uz rasmiy Internet-saytida joylashtiriladi.
8.2. Mazkur hujjat TARAFLAR tomonidan tuzilgan SHARTNOMANING ajralmas qismi hisoblanadi.
8.3. TARAFLAR SHARTNOMA va mazkur hujjat qoidalarini bilish hamda bajarish uchun shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmalariga oladilar.