Hurmatli hamkasblar va Tadbirkorlar!
So‘nggi yillarda respublikamizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning siyosiy irodasi mahsulidir. Xususan, Davlat rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Prezident 2020 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan tarqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik
va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi” deb ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, bugungi kunda korrupsiya davlat va jamiyatning samarali rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi, ulkan ijtimoiy xavf tug‘diruvchi jiddiy xavf-xatarlardan biridir. U barqarorlik va xavfsizlikka putur yetkazib, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotda sezilarli va fojiali yo‘qotishlarga olib keladi. Binobarin, unga qarshi samarali kurash olib borishga tayyor turish, jahon hamjamiyati tomonidan davlatning rivojlanganligi, demokratik qadriyatlarga sodiqligining asosiy ko‘rsatkichi sifatida baholanadi.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5177-son Qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-oktabrdan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud bo‘linmalar tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat bo‘linmalari tashkil etildi.
Mazkur Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘quv-mashg‘uloti markazi” MChJda ham korrupsiyaning dastlabki alomatlarini aniqlash
va oldini olish, ularning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish uchun mas’ul bo‘linma – komplaens xizmati tashkil etildi.
Bugungi kunda “O‘quv-mashg‘uloti markazi” MChJ faoliyatining ustuvor yo‘nalishi – bu qonunchilikka sodiqlik, biznes yuritishda yuksak axloqiy me’yorlar, sheriklar bilan ishbilarmonlik munosabatlarda, xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishini barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka qat’iy rioya qilish hisoblanadi.
Albatta, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bu yetarli emas. Korrupsiyaga qarshi samarali va vijdonan kurashishni, eng avvalo, har bir rahbar, uning qo‘l ostidagi mansabdor xodimlar va har bir tadbirkor o‘zidan boshlashi lozim. Har birimiz o‘z ishimizga halol va sidqidildan yondashishimiz kerak. Korrupsiya kichik, ko‘zga ko‘rinmas elementlardan boshlanadi. Biz har bir vaziyatga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Bunda xodim yoki tadbirkor korrupsiyaga aloqador bo‘lmasligi, biroq hamkasbi yoki unga tanish bo‘lgan shaxsning korrupsiyada ishtirok etayotganining guvohiga aylanishi mumkin.
Hurmatli xodimlar va tadbirkorlar!
Sizlarni “O‘quv-mashg‘uloti markazi” MChJning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan “korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga qat’iy rioya qilishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oldini olish, barvaqt aniqlash va chek qo‘yishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda faol ishtirok etishga chorlab qolamiz.
Agar siz “O‘quv-mashg‘uloti markazi” MChJ xodimlari tomonidan korrupsiya harakatlariga guvoh bo‘lsangiz, bu haqda:
– “O‘quv-mashg‘uloti markazi” MChJning rasmiy veb-saytidagi qayta aloqa kanallari orqali Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bosh komplaens inspektoriga:
– +998(71)222-72-04 Direktor qabulxonasi;
– +998(77)312-47-46 ishonch raqamiga;
– anticorruption.utc@uzairways.com elektron pochta manziliga;
– “aviatraining.uz” rasmiy saytdagi saxifaga;
– AnticorrUTC telegram ilovasiga orqali habar berishinggiz mumkin.
Korrupsiyaviy holatlar va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida habar bergan jismoniy yoki yuridik shaxslarninig maxfiyligi kafolatlanadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish 2017 yil 11 sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan ko‘rib chiqiladi.